1-ILOVA — Virtual laboratoriya ishi
Hayvon to'qimalari turlari va tuzilishini o'rganish
Maqsad
Hayvon to'qimalari turlari va tuzilishini o'rganish.
Zarur asbob va jihozlar
Epiteliy to'qimasi bo'yicha ishni bajarish tartibi
- Baqa terisidagi epiteliy to'qimasini olish uchun shisha bankaga toza suv quyiladi va uning ichiga bitta baqani solib qo'yiladi (suv baqani ko'mar-ko'mmas miqdorda bo'lsin). Baqa suvda bir-ikki kun turadi. Shu davrda uning terisidagi epiteliy to'qimasi parchalari suvga tushadi va suvda oq parda hosil bo'ladi.
- Baqadagi epiteliy parchalaridan kichik bo'lakchani pipetka yoki pinset yordamida buyum oynasiga qo'yiladi. U ikkita preparoval nina yordamida to'g'rilanadi. Ustiga rang berilgan fiziologik eritmadan tomizib, qoplag'ich oyna yopiladi.
- Tayyorlangan preparat mikroskopda qaralganda, epiteliy to'qimasining hujayralari ko'rinadi. Ular rasmda epiteliy to'qimasi hujayralari bilan taqqoslanadi.
- Preparat tayyorlashning imkoni bo'lmasa, tayyor mikropreparatdan foydalanish mumkin.
Biriktiruvchi to'qima bo'yicha ishni bajarish tartibi
- Biriktiruvchi to'qimadan preparat tayyorlash uchun ichi yorilgan baqa terisidagi yumshoq biriktiruvchi to'qimadan pinset bilan chimdib olinadi va uni buyum oynasiga qo'yiladi.
- Buyum oynasiga qo'yilgan to'qima parchasi ustiga rangli fiziologik eritma tomiziladi va qoplag'ich oyna yopiladi.
- Preparat mikroskopda qaralganda, unda biriktiruvchi to'qimaning hujayralari ko'rinadi. Bu hujayralar siyrak joylashgan bo'ladi. Preparatda ko'rilganlar biriktiruvchi to'qimaning rasmlariga taqqoslanadi.
- Mikroskopda ko'rilgan biriktiruvchi to'qimaning rasmi daftarga chizib olinadi.
- Yuqoridagi usul bilan preparat tayyorlash imkoni bo'lmasa, tayyor mikropreparatdan foydalanish mumkin.
Muskul to'qimasi bo'yicha ishni bajarish tartibi
- Muskul to'qimasi tasvirlangan rasmlar va muskul to'qimasining doimiy mikropreparatlari mavjud. Bu preparatlarni mikroskopda ko'rib, undagi muskul tolalari va nerv hujayralari aniqlanadi, tablitsa bilan taqqoslanadi.
- Muskul to'qimasidan vaqtinchalik mikropreparat tayyorlash ham mumkin: baqa orqa oyog'ining son qismidan skalpelda terisi kesib ajratiladi, son muskulidan skalpelda kichkina bo'lakcha kesib olinadi.
- Uni Petri likobchasiga qo'yib, preparoval nina yordamida tolachalarga ajratiladi.
- Muskul tolachalaridan 2–3 tasini pinsetda buyum oynasiga qo'yib, ustiga osh tuzining 0,65% li eritmasi tomiziladi. Uning ustiga 1% li sirka kislotasi tomizib, qoplag'ich oyna yopiladi.
- Tayyorlangan preparat mikroskopda qaralganda, muskul tolalari va hujayralarini ko'rish mumkin. Ular muskul to'qimasining rasmlari bilan taqqoslanadi. Mikroskopda ko'rilgan muskul tolalari va hujayralarining rasmi daftarga chizib olinadi.
Nerv to'qimasi bo'yicha ishni bajarish tartibi
- Nerv to'qimasi tasvirlangan rasmlar tayyorlanadi.
- Nerv to'qimasining tayyor mikropreparatlaridan foydalaniladi.
- Mikropreparat mikroskopda qaralganda, unda nerv hujayralari va neyrogliya hujayralari ko'rinadi. Ular nerv to'qimasi va hujayralarining tuzilishiga taalluqli rasmlar bilan taqqoslanadi.
- Mikroskopda ko'rilgan nerv to'qimasi va hujayralarning rasmi daftarga chizib olinadi.
17.4-jadval — Kuzatish natijalaringizga asoslanib to'ldiring
| T/R — Xususiyat | Epiteliy to'qimasi | Biriktiruvchi to'qima | Muskul to'qimasi | Nerv to'qimasi |
|---|---|---|---|---|
| 1. Mikroskopda ko'rilgan to'qima hujayrasining tasviri | ||||
| 2. To'qima hujayralarining o'xshashligi | ||||
| 3. To'qima hujayralarining bir-biridan farqi | ||||
| 4. To'qimalarning funksiyalari |